logotip
KirishRo'yxatdan o'tishFootbal News
REKLAMA
Futbol olamidagi eng qiziqarli yangiliklar
Liverpool FC Fans Uzbekistan
«Chempion hikoyalari». Luka Yovich bolaligi, uni yig‘latgan oqshom va Madrid sari yo‘l haqida
8 OKT, 23:42 / O'QILDI: 311

Yangilik rasmi

Karim Benzema bir gol uchun o‘nlab vaziyatlarni qurbon qilayotgan paytda, Madrid jamoasi muxlislari aynan Yovich singari sovuqqon hujumchini orzu qilishgani bor gap. Oltmish million yevroga baholangan ushbu transfer ham ko‘pchilikning umidiga sabab bo‘lgandi. To‘g‘ri, hozircha Zidan Benzemaga ishonishda davom etmoqda, Yovich esa, hatto ijaraga berib yuborilishi haqidagi gap so‘zlar ham paydo bo‘ldi. Ammo quyidagi hikoyani o‘qisangiz, qahramonimiz osonlikcha o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligiga amin bo‘lasiz. Serbiyalik yosh hujumchi The Players Tribune loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi.

«Ba’zida, men tug‘ma shundayman, deb o‘ylab qolaman. Bu hayotda hammaning o‘ziga yarasha iqtidori bor, meniki esa, menimcha, gol urish.

Aynan hujumchi bo‘lib o‘ynashni qachondan beri xohlaganimni eslolmayman, ammo doim gol urish men uchun muhim bo‘lgani aniq. Bolaligimda 2006 yilgacha bo‘lgan barcha jahon chempionatlarida urilgan gollar to‘plangan videokassetam bo‘lardi. Roje Millaning gollari meni o‘ziga maftun etgan, va albatta, Ronaldo – haqiqiy Ronaldoningdarvozabonlar qarshisida qanday zarba berishidan hayratlanardim. Ronaldo buni xuddi fokus ko‘rsatayotgan sehrgardek tezlikda amalga oshirar, men uyda xuddi shunday tepishni tinmay mashq qilardim. Uning uslubi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi menga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Menimcha, gol urishga bo‘lgan qiziqishimni birinchi murabbiylarim ham sezishganki, ilk mashg‘ulotlardayoq meni raqib darvozasi oldida o‘ynatishgandi. Otam meni Loznitsadagi mahalliy futbol klubiga olib borgan, esimda, u yerda hamma joy ko‘k rangga burkangandi. Maydon atrofidagi to‘siqlar ham ko‘k, yon tarafdagi kichik mehmonxona binosi ham shu rangda. Yosh bolaman, xayolimda, dunyodagi barcha futbol maydonlari ham mana shunday ko‘k rangda edi. Qachonki, «Srvena Zvezda» skautlari meni payqashgachgina, bildimki, futbol olamida boshqa ranglar ham bor ekan. U paytda hali endi sakkiz yoshdaman, meni kelajakda yana qanday ranglar kutayotganini bilmasdim.

Men Batar nomli joyda o‘sganman. U yerni bilmaysiz, xijolat bo‘lmang. Rostanam u yer juda kichik joy – atigi 105ta uy bor, xolos. Ammo men uchun o‘ziga xos joy. Bir kuni batarlik odam «qishlog‘im Parijdan ham chiroyli» degandi. Bu haqiqat. U yerning odamlari asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishadi va agar gaplashsangiz, faqat ikki narsaga ishonishlariga guvoh bo‘lasiz: qattiq mehnat qilish va orzu. Deyarli butun batarliklar farzandlarining kollejda o‘qib, kattaroq shaharga ishga joylashishi uchun pul yig‘ishadi.

Men bilan ham shunday bo‘lgan. Ota-onam hayotda o‘z o‘rnimni topishim uchun ko‘p ishlashardi. Ulg‘ayganimda otamning magazini bor edi. Agar qaysidir paytda ahvoli yaxshi bo‘lmasa, bankdan kredit olar va har kuni meni mashg‘ulotlarga olib borishni kanda qilmasdi. Rossiyada ishlaydigan amakim esa, oilamiz moliyaviy ahvolidan xabar topsa, darrov menga butsa va krassovkalar, otamga esa, pul jo‘natardi. Menimcha serb oilalari mana shunday ahil, juda yaqin bo‘ladi. Boshqa iloji ham yo‘q.

Bu haqida aytib bergim kelmaydi odatda, to‘qqiz yo o‘n yoshda edim, opam qattiq kasal bo‘lib qoldi. Hayotimizga ta’sir qilgan voqea edi bu. Doktorlar unda leykoz ekanini aytishgan va u uzoq vaqt kasalxonada yoki uyda davolanishi kerak edi. Onam opamga qarash uchun do‘konda ishlashni to‘xtatdi. Ma’lum vaqt oilamiz tarqalib ketdi. Men otam va buvam bilan yashab, mashg‘ulotlarga qatnashda davom etar, onam esa, opam bilan edi.

Juda qiyin damlar edi. Eng esda qolgani, bir kuni mashg‘ulotlar tugab, dadam bilan Belgraddan qaytayotganimizda, amakim bilan o‘g‘lini ham o‘zimiz bilan olvoldik. Boshida hech narsani tushunmadim, uyga borgachgina, qandaydir bayram bo‘layotganini payqadim. Singlim qog‘ozdan yasalgan qanaqadir shlyapani kiyib olgan, xuddiki uning tug‘ilgan kuni bo‘layotgandek edi. Aytishlaricha, opam butunlay tuzalibdi. Bu biz uchun juda katta voqea edi, chunki juda uzoq vaqt juda qo‘rqib yashagandik.

Opamning kasallikni yenggani menga qattiq ta’sir qildi. Men ham u kabi g‘olib bo‘lishni istardim. Batardagi har bir bolakayning orzusi «Srvena Zvezda» tarkibida to‘p surish va abadiy derbida «Partizan» darvozasiga gol urish edi. Agar serbiyalik bo‘lmasangiz, buni tushunishingiz qiyin, men ham ta’riflab bera olmayman. Nima desam ekan, bu klubning tunneli haqida bilasizmi? Maydonga chiqib boradigan yo‘lakcha? U yer juda qorong‘i, devorlarga har xil rasmlar chizilgan, hatto ba’zilar uchun u yerdan o‘tish qo‘rqinchli tuyuladi. Men qo‘rqmasdim. Ko‘p marta futbolchilar bilan birga qo‘l ushlashib chiqadigan bolakaylar sifatida u yerdan o‘tganman. O‘sha yerdan maydonga chiqib borish, stadiondagi muhit, buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi.

«Srvena Zvezda»da faqat g‘alaba haqida gapirishadi. Yutqazdingmi, tamom. Bir paytlar, klub moliyaviy qiyinchiliklar girdobiga tushib qolganda, futbolchilar muxlislarga ochiq xat ham yozishgan va bu gazetada chop qilingandi. Adashmasam, u yerda «tushuninglar, hammasi oson emas, klub hatto dush uchun oddiy shampunni ham xarid qila olmaydi» degan joylari bor edi. Ertasiga fanatlar futbolchilarning mashinasiga shampunlar tashlab ketishgandi. Aytmoqchimanki, bu klub, shunchaki futbol emas, kattaroq edi. Ulg‘aygan sari, bu muhit senga yutqazmaslikni, hech narsadan qo‘rqmaslikni o‘rgatadi.

16 yoshimda «Voyevodina»ga qarshi o‘yinda ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdim. Qiziq holat. O‘yindan bir kun oldin «Noviy Sad» mehmonxonasidamiz, odatda, yoshlar jamoasi uchun kommendantlik soati yo‘q. Ya’ni o‘yindan oldin vaqtli uxlash shart emas. Xonadoshim bilan kechgacha o‘tirdik, keyin qornimiz ochqab, biror nima olish uchun tashqariga chiqdik. Qaytishimizda murabbiylarimiz barda o‘tirishgandi. Ular bizga shu qadar hayrat bilan tikilishardiki, biz hech narsani tushunmadik.

«Soat nechchi bo‘ldi, bilasanmi?», – deb so‘radi murabbiy.

Soatimga qaradim. 11:30.

«Sen soat o‘n birda uxlashing kerak», – deb baqirdi u.

Rostan ham hech narsadan xabarim yo‘q edi. 16 yoshdaman. Uning mendan jahli chiqdi, ammo ertasiga, maydonga tushganimda o‘zimga bo‘lgan ishonchim juda yuqori edi. Men uchun gol urish – instinkt. Menimcha, bu mening eng yaxshi xususiyatim. Qanday holat, nimalar bo‘layotganidan qat’i nazar, menga gol urishim kerakligini aytishsa, butun diqqatim shunga qaratiladi.

Gol urdim. Esimda, golni nishonlayotgan muxlislar tomonga qaraganimda, ajoyib hissiyotlar chulg‘ab olgandi. «Srvena Zvezda» bir oiladek gap. Men doim bu jamoada o‘ynashni istardim, hatto kattaroq klublardan takliflar bo‘lganda ham, ketgim kelmasdi. Bu rost – 2016 yilda «Benfika» meni chorlaganda onamga ketmoqchi emasligimni aytdim. Onamning aytganlari yodimda: «Azizim, bilamiz, sen «Srvena Zvezda»ni bizdan ham ko‘proq yaxshi ko‘rasan, lekin sen o‘zingi birinchi o‘ringa qo‘yishing kerak».

Nihoyat, o‘sish uchun «Benfika»ga o‘tishga rozi bo‘ldim. O‘ylashimcha, hammasi juda tez ro‘y berdi. Men uchun oilam hamma narsa edi va 18 yoshimda ularni tark etish, uch ming kilometr uzoqda, boshqa tilda gaplashadigan odamlar orasida yashash, endi bu futbol emasdi. Hayot shunaqa murakkab. Lissabondagi ilk davrlarimda uyimni ko‘p eslar va sababsiz yig‘lab yuboraverardim. Ha, faoliyatimdagi juda og‘ir davr edi, chunki o‘zimni juda yolg‘iz his qilardim. Baxtimga, Frankfurtga, «Ayntraxt»ga o‘tganimda, ko‘p narsa o‘zgardi.

Men doim «Ayntraxt»ni qadrlayman, chunki bu pullar va qimmatbaho o‘yinchilardan tashkil topgan klub emasdi. Bu yerda asosiysi ajoyib muhit va o‘zaro munosabatlar birlamchi, ko‘p jihati bilan «Srvena Zvezda»ni yodga solardi. Aynan shu yerda men futbol o‘ynab, yana zavq ola boshladim. Ayniqsa, 2018 yilda Germaniya Kubogini yutgan paytimizda shahardagi muhitni ta’riflashga til ojiz. U yerda mening juda ko‘p do‘stlarim qoldi.

Eng ko‘p afsuslanadigan voqea – «Chelsi»ga qarshi Yevropa Ligasi yarim finali. Men hayotimda ilk bor mag‘lubiyat uchun yig‘lab yubordim. Yo‘q, bu penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan paytimizda emas, keyinroq, maydonni tark etayotganimizda, frankfurtlik muxlislarni ko‘rganimda sodir bo‘ldi. «Ayntraxt» muxlislari stadionning birinchi qatorida o‘tirib olib, mag‘lubiyatga qaramasdan, ko‘zda yosh bilan klub madhiyasini ijro etishardi. Bu men uchun yangilik edi – yutqazsang ham, seni quvvatlaydigan muxlislar uchun o‘ynash... Bunday holatlar futbolda kam va mening faoliyatimni o‘zgartira olgan klubni tark etish juda qiyin bo‘lgandi.

Germaniyaga borib, u yerda yaxshi o‘yin ko‘rsatganim tufayli, terma jamoa bilan birgalikda, Rossiyadagi jahon chempionatiga o‘ynash imkoniyati tug‘ildi. Braziliyaga qarshi o‘yin oldidan «Herta»dagi Marko Gruich bilan chigalyozdi mashqlarini qilar ekanmiz, biroz o‘tib bu stadionda portlashga tayyor ekanimizni his qildik. Kiyim almashtirish xonasiga qaytganimizda esa, terlab pishib ketgandik. O‘yin paytida hech narsani his qilmaysan – tasavvur qiling, axir men Serbiyaning oddiy qishlog‘ida voyaga yetgan, Ronaldoning o‘yinlarini tomosha qilib katta bo‘lgan bolakay, Braziliyaga qarshi jahon chempionatida o‘ynayapman axir.

Men uchun hammasi juda tez amalga oshdi. Bir necha yil oldin «Srvena Zvezda»da o‘ynashni orzu qilardim. Yevropa Ligasi yarim finalida o‘ynash, jahon chempionatida to‘p surish, endi esa, «Real»ga o‘tish – ishonish qiyin. Lekin o‘ylaymanki, hujumchi uchun eng muhimi o‘ziga bo‘lgan ishonchdir. Men hech qachon o‘zimni keraksiz his qilmaganman. Men doim o‘zimda tug‘ma iste’dod borligiga ishonganman va bu doim men bilan.

Yangilik rasmi

Qizig‘i, bir kuni terma jamoadagi sherigim Stefan Mitrovich menga «yigitcha, agar sendagi ishonch menda bo‘lganida bormi, nimalar qilib tashlardim» degandi. Men uchun esa, bu tushunarsiz. O‘ziga ishonmay turib, qanday hujumchi bo‘lish mumkin? Axir hujumchi uchun ibtido emas, yakun eng asosiysi bo‘lishi kerak.

Hayotimda ham shunday. Men siz hech qachon eshitmagan, 105tagina uydan iborat kichik qishloqda tug‘ildim. Bu hikoya qayergacha boradi? Nimalarga erishaman? Yakun qanday bo‘ladi? Men hali bilmayman, lekin orzularim doimgidek katta.

Madridga kelganimdan xursandman va yana bir bor, so‘nggi ikki yilda o‘z uyimdagidek his qilganim uchun «Ayntraxt» klubi va uning muxlislariga minnatdorchilik bildiraman.

Danke»

Luka Yovich
Fikrlar
Umumiy: 7
Bog'lanish